YANGILIKLAR

01.12.2025
Joriy yilning 15–26-noyabr kunlari Tokio shahrida XXV Surdlimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Ushbu musobaqalarda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbol, taekvondo, dzyudo va stol tennisi sport turlari boʻyicha ishtirok etdi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan muntazam shugʻullanishini tizimli tashkil etishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ–389-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston terma jamoasi Surdlimpiya oʻyinlaridagi ishtiroki tarixidagi eng yuqori natijani qayd etdi. Musobaqalar yakuniga koʻra jami 9 ta medal qoʻlga kiritildi: 1 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza.

Medal sovrindorlari:
🥇 Go’zal Eshmirzayeva — oltin
🥈 Maftuna Abdiyusupova — kumush
🥈 Dilbar Tojiboyeva — kumush
🥈 Shahrizoda Nuriddinova — kumush
🥈 Xojiakbar Hakimov — kumush
🥉 Shohruz Abdurahmonov — bronza
🥉 Robiya Miraskarova — bronza
🥉 Oʻtkir Turdaliev — bronza
🥉 Asad Turdiboyev va Robiya Miraskarova — bronza (juftlik)


24.11.2025
XXV yozgi Surdlimpiya oʻyinlari
Taekvondo 🥋 (sparring)

🏆 OʻZBEKISTON TARIXIDA SURDLIMPIYA OʻYINLARIDAGI BIRINCHI OLTIN MEDAL!

🥇 Go’zal Eshmirzayeva — XXV yozgi Surdlimpiya oʻyinlari chempioni!

Taekvondo (sparring) boʻyicha musobaqalarda Guzal Eshmirzayeva oltin medalni qoʻlga kiritib, oʻz nomini oʻzbek sporti tarixiga abadiy yozib qoldirdi. Bu — Oʻzbekistonning Surdlimpiya oʻyinlaridagi ilk “oltini”.

👏 Go’zal tarixiy natijaga erishdi!

Ushbu gʻalabaga hissa qoʻshgan ota-onalar, murabbiylar va ustozlarga alohida minnatdorlik bildiramiz.


09.11.2025
Muhim musobaqalar oldidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Ijtimoiy inspeksiya binosida O‘zbekiston Karlar Sport Federatsiyasi raisi Husniddin Kutpiddinov rahbarligida XXV yozgi Surdlimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, salomatlik holati, shuningdek, bo‘lajak safar bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, intizom, xulq-atvor qoidalari va sport etikasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa, ishtirokchilarga Yaponiya madaniyati va milliy an’analari haqida qisqacha ma’lumot taqdim etildi.


17.10.2025
O‘zbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasida sport federatsiyalari vakillari ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Karlar sport federatsiyasi, Ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi hamda “Maxsus Olimpiada” respublika jamoat birlashmasi rahbarlari ishtirok etishdi. Ishtirokchilar 2025-yilning to‘qqiz oylik ish yakunlari, mavjud muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan rejalarini muhokama qildilar.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hududlarda adaptiv sportni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda, shuningdek, Sport vazirligi hamda Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti vakillari ham qatnashdilar.


30.09.2025
O‘zbekiston kar sportchilar voleybol terma jamoasi xalqaro turnirning kumush medali sovrindori bo‘ldi!
27–28-sentabr kunlari Bishkekda (Qirg‘iziston) eshitish qobiliyati zaif sportchilar o‘rtasida (surdo-voleybol) xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada o‘ziga ishonch bilan ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
Jamoa tarkibiga quyidagilar kirdi:
Azizbek Nigmatov
Kamronbek Esonov
Saidali Sadiuaxasov
Shaxzod Yunusov
Ruzimuhammad Asqarov
Bekxon Zikirullayev
Jamoaga Vladislav Nazarenko hamrohlik qildi, murabbiy — Mixail Demidov.
Bolalarni ajoyib natija bilan tabriklaymiz va keyingi turnirlarda ham ishonchli g‘alabalar tilaymiz.

23.09.2025
Ijtimoiy himoya Milliy agentligi, O’zbekiston Karlar sport federatsiyasi va O’zbekiston shaxmat federatsiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizda ikkinchi marotaba karl-soqovlar o’rtasida IV Osiyo chempionati, shuningdek, birinchi marotaba ICCD shafeligida XIII xalqaro shaxmat turniriga start berildi! ✅
Musobaqalarda Osiyo davlatlaridan, shuningdek, Buyuk Britaniya, Ukraina va Ozarbayjon kabi Yevropa mamlakatlaridan 100 ga yaqin shaxmatchi ishtirok etmoqda.
Yuqori saviyadagi ushbu turnir O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi binosida tashkil etilgan bo‘lib, unda sportchilar “blits”, “rapid” va “klassika” yo‘nalishlarida bellashmoqdalar.


13.09.2025
O‘tgan haftada Osiyo-Tinch okeani kar sportchilar konfederatsiyasi (APDSC) Ijroiya kengashi 2025–2028-yillar davri uchun 22 ta sport turi bo‘yicha sport direktori lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston nomidan APDSCning taekvondo bo‘yicha sport direktori lavozimiga Davron Akramovich Xidirov nomzodi ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Ijroiya kengashi uning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va Davron Xidirov rasman 2028-yilgacha bo‘lgan muddatga APDSCning taekvondo bo‘yicha sport direktori etib tayinlandi.
O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi Davron Xidirovni ushbu mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan samimiy muborakbod etadi va uning kelgusi professional faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!


05.08.2025
O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi yangi ofisda!
O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi o‘z faoliyatini Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasi hududida joylashgan yangi zamonaviy binoda boshlaydi.
Ushbu majmuada shuningdek, o‘z ishini boshlaydigan tashkilotlar:
• O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi
•Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi
• Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti
• Jismoniy madaniyat va sport ilmiy-tadqiqot instituti
• Respublika oliy sport mahorati maktablari
Yangi binoga ko‘chib o‘tish yangi bosqichning boshlanishini anglatadi — yangilangan vazifalar, ulkan rejalar va yuksak sport yutuqlariga intilish bilan!


31.07.2025
21–31-iyul kunlari Goa shahrida (Hindiston) tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bo‘lgan shaxslar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha 24-yakka tartibdagi jahon chempionati (IPCA) bo‘lib o‘tdi.
Musobaqalarda dunyoning 18 mamlakatidan 97 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Turnirda O‘zbekiston sharafini 7 nafar sportchimiz himoya qildi va ular uchta yo‘nalishda: klassika (standart), rapid hamda blits bo‘yicha bahs olib bordilar.
Shaxmatchilarimiz quyidagi natijalarni qo‘lga kiritdilar:
Klassika (standart):
• 🥈 Normuminov Uralbek — 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida 2-o‘rin
• 🥉 Azimjonov Abduraxmon — 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida 3-o‘rin
Rapid:
• 🥇 Normuminov Uralbek — 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida 1-o‘rin
• 🥉 Ergashov Nurmuxammad — 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida 3-o‘rin
Blits:
• 🥉 Azimjonov Abduraxmon — 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida 3-o‘rin
O‘zbekiston terma jamoasiga Federatsiyamiz vakili — Sirojiddin Zayniddinov hamrohlik qilganini alohida e’tirof etish joiz.


29.07.2025
Nihoyat, Surdolimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha qur’a tashlash marosimi yakunlandi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston kar sportchilar futbol terma jamoasi “o‘lim guruhiga” tushdi.
Biz Fransiya, Braziliya va Eron kabi kuchli jamoalar bilan kurashishimiz kerak.
Terma jamoamizga omad tilaymiz va ularning muvaffaqiyatiga ishonamiz!


10.07.2025
Sport vaziri ishtirokida O‘zbekiston sport delegatsiyasining 2025-yilgi Deflimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda 2025-yilning 13–26-noyabr kunlari Yaponiyaning Tokio va Fukusima shaharlarida o‘tkaziladigan XXV yozgi Deflimpiya o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi tarkibi tanishtirildi.
XXV yozgi Deflimpiya o‘yinlari o‘zbekistonlik sportchilar uchun xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etish va tajriba almashish imkonini beruvchi muhim bosqich hisoblanadi.


14.07.2025
Janubiy Koreya karlar sport federatsiyasi prezidenti Li Jon Hakning taklifiga binoan, O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi vakillari 11-dan 16-iyunga qadar Ansan shahrida bo‘lib turibdilar.
Ma’lumki, joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi tashabbusi bilan Janubiy Koreya karlar sport federatsiyasi vakillari mamlakatimizga tashrif buyurishgan edi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekiston va Janubiy Koreya karlar sport federatsiyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, rivojlantirilayotgan sport turlari bo‘yicha ma’lumot almashish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish, shuningdek, sportchi va murabbiylar o‘rtasida tajriba almashishdir.
Hozirgi vaqtda Ansanda karlar o‘rtasida sportning yetti turi bo‘yicha Janubiy Koreya milliy chempionati (festivali) bo‘lib o‘tmoqda:
🏓 stol tennisi
🎳 bouling
🏑 geytbol
🏸 badminton
⛳️ golf-simulyator
⚾️ beysbol
Vakillarimiz musobaqalarni kuzatib, bizda allaqachon o‘zlashtirilgan hamda yangi bo‘lgan sport turlarini o‘rganmoqdalar, sportchilar, murabbiylar va federatsiya xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqdalar, shuningdek, karlar sportini rivojlantirishga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor darajasini o‘rganmoqdalar.